Seshanba, 14.05.2024, 11:59
Menyu

Forumga krish

Hisoblagich

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0


Sayt Soati

Kalendar
«  Avgust 2010  »
DuSeChoPaJuShaYa
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031

Наш опрос
Оцените мой сайт
Всего ответов: 25

SAYT DO'STLARI
  • o'zbekona
  • Milliy teatr
  • Internet kafe

  • Ob-havo
    Все о погоде - Pogoda.uz

    Главная » 2010 » Avgust » 20 » “OILAM MENI XORIJGA SOTDI!”
    08:41
    “OILAM MENI XORIJGA SOTDI!”

    So‘nggi yillarda global muammoga aylanib borayotgan "Odam savdosi” qurbonlarining soni yildan-yilga oshishi juda achinarli holat. Kimdir bilib, yana kimdir esa bilmasdan tuzoqqa ilinmoqda. Asosan sodda, samimiy, ishonuvchan yurtdoshlarimizni katta miqdordagi oylik maosh va’da berib, o‘zga yurtga o‘zimiznikilar jo‘natayotganligi juda ayanchli. Bugun biz bir mushtipar, bir oilani gullatadigan go‘zal va latofatli ayolni dardlariga sherik bo‘ldik...

     O‘zining ismini Nilufar deya tanishtirgan samarqandlik kelinchak bundan 3 yil oldin orzu havaslar bilan o‘zi yoqtirgan yigitga turmushga chiqqanligini to‘lqinlanib gapirishdan boshladi.

     — Feruz aka... To‘g‘risini aytsam, bu insonni aka deyishga ham tilim bormayapti. Biz yaxshi niyatlar bilan oila qurgandik, lekin turmushning mushtlari qattiq bo‘larkan. 20 yoshimda shu insonga turmushga chiqqanimda, go‘yo, hayotim jannatga o‘xshardi. O‘zimni yettinchi osmonda his qilardim. Bu xursandchiligim uzoqqa cho‘zilmadi. Ko‘ngil qo‘ygan insonim ichib kelib, sababsiz meni do‘pposlashni o‘ziga odat qilib oldi. Bugun yaxshi bo‘lar, ertaga yaxshi bo‘lar, degan ishonch bilan bir yil yashadim. Yo‘q, natija bo‘lmadi. Bu orada o‘g‘illi bo‘ldim. Farzandli bo‘lganimizdan so‘ng bu ko‘ngilsizliklar nuqta qo‘yar, derdim. Adashgan ekanman. Oxir-oqibat, "bo‘ldi, hammasiga nuqta qo‘yaman”, deganimda qaynonam shart qo‘ydi: 

     — Seni kelin qilgunimmizcha ketgan xarajatlarni, shu kungacha yeb-ichgan haqqingni to‘lasanggina ketasan! 

     Qaynopam esa menga yordam beradigandek dedi:

     — Xohlasang, seni chet elga ishga jo‘nataman. Kelishilgan summani bizga jo‘natasan, qolgan xizmat haqqingni o‘zing uchun olaverasan! 

     Shu suhbatimizni turmush o‘rtog‘im ham eshitib, meni chet elga ishlash uchun borishga majburladi. Ularning aytishicha, u yerda chol-kampirning xizmatini qilsam, oyiga ming dollar maosh to‘lasharkan.

     — Chet elga ketishingni o‘zim ta’minlayman. To‘y, shu paytgacha yeb-ichganing va yo‘l kirang bilan bizga 15 ming dollar to‘laysan! — qaynopamning xulosasi shu bo‘ldi. 

     Erimning kaltaklaridan shu qadar bezgan ekanmanki, bu taklif menga zulmatli hayotimdan yorug‘likka chiqish yo‘li bo‘lib ko‘rindi.  O‘g‘limni ota-onamga berib, orzular og‘ushida chet elga ishlashga ketdim. Qaynopamni tashabbuslari bilan olti kishi bo‘lib, samolyotda Dubay tomon uchdik. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, na qari cholu kampir bor va na boshqasi. Fuqarolik pasportlarimizni yig‘ib olib qo‘yishdi. Chet tilini bilmaganim uchun ularning imo-ishoralari va olaqarashlaridan boshqa niyatda jo‘natganliklarini his qildim. Ularning taklifiga norozi ekanligimni tarjimonlar orqali bildirdim. Eng dahshatlisi, ana o‘shanda boshlandi. Qolgan beshta qizni boshqa qaytib uchratmadim. Meni aeroportda qabul qilib olgan ayol bilan yana to‘rtta barzangidey erkak, ko‘rinishi rus millatiga o‘xshash qiz ikkimizni kimsasiz cho‘lga olib ketishdi. Bu dahshatli voqeani so‘z bilan ifodalay olmayman. Eslasam, butun a’zoyi badanim titrab ketadi. Kimsasiz cho‘lda bechora qizni to‘rtta barzangi erkak... zo‘rladi. Takliflariga ko‘nmasam, men ham shu ahvolga tushishimni tushuntirishdi. Nima qilishni bilmay boshim qotdi. Na chora, yashash uchun rozi bo‘ldim. Orqaga qaytayapmiz-u, haligi bechora qizni kimsasiz cho‘lda behol, kiyimsiz bir ahvolda tashlab ketishayotganini ko‘rib, ularning hayvondan ham battar angladim. Qizning taqdiri menga qorong‘i. Cho‘lda o‘lib ketdimi yoki kimdir ko‘rib uyiga olib ketdimi?.. Keyin bilsam, u qiz mijozlarga yaxshi xizmat ko‘rsatmagan ekan. Buni menga dars sifatida ko‘rsatishibdi. Ularning taklifiga rozi bo‘ldim-u, lekin oldinda yana bir qancha shartlari ham borligini keyin tushunib yetdim. Mijozni ko‘nglini olish har bitta ayolning vazifasi ekanligi qat’iy tushuntirildi. Atrofimdagi qizlar menga ingliz tili va arabcha raqs tushishlarni o‘rgata boshlashdi. Bu botqoqlikda hattoki, husnim ham menga pand berdi. Aniqroq qilib aytganda, boshimga balo bo‘ldi. Hayotimda birinchi marta go‘zal bo‘lib tug‘ilganim uchun afsuslandim. Sababi, boshqa qizlarga qaraganda mening mijozim ko‘pligidan bir kun ham dam olish kuni bo‘lmasdi. Ichimdan o‘tayotgan dardlarimni atrofimdagi qizlarga aytishga ham qo‘rqardim. Ko‘zimga hamma dushman bo‘lib ko‘rinardi. Hammadan nafratlanardim. Lekin buni o‘zlariga sezdirmasdim. Chunki oqibati yaxshilik bilan tugamasligini bilardim. Bu muhitga ko‘nikkanimga ularni ishontirganimdan so‘ng qizlar bilan diskotekalarga borishimga ruxsat berishdi. Bildirib qo‘ymaslik uchun bir-ikki marta borib kelib yurdim. Uchinchi marotaba chiqishimda o‘z xohishim bilan o‘zimni militsiya xodimlariga topshirdim. Ular meni zindonga qamashdi. Kimligim va qaerdan kelganligim haqida batafsil ma’lumot berganimdan so‘ng bizning elchixonamiz bilan bog‘lanishdi. Shaxsimni aniqlashga bir hafta, hujjat tayyorlash va yurtimga qaytishni ta’minlash uchun esa ikki oy vaqt ketdi. Birlashgan Arab Amirligi menga shaxsimni tasdiqlovchi hujjat tayyorlab bergan bo‘lsa, hukumatimiz Vatanimga qaytishim uchun yo‘l xarajatlarini to‘lab, chiptamni qo‘limga olib kelib berishganida ko‘zimga achchiq yosh keldi (o‘ksib yig‘ladi)... Yurtimga qaytishim bilan hamma qiyinchiliklar orqada qolganligini butun borlig‘im bilan his qildim-u, lekin aeroportda kuchli vahima bosdi. Go‘yoki yana kimdir meni olib qochib ketib, o‘sha botqoqqa oborib tashlayotgandek edi. Samolyot osmonga parvoz qilmagunicha sarosimada o‘tirdim. Samolyotda "Hurmatli passajirlar kamarlaringizni taqib oling, qo‘nishga tayyorlanayapmiz”, degan so‘zni eshitganimda oynadan pastga qaradim-u, ko‘zimdan yosh oqdi. Hozir o‘sha holatimni sizga tasvirlab bera olmayman... (Ko‘ziga yosh keldi). Shu darajada hayajon bosdiki, o‘zimni o‘zim idrok eta olmay qoldim. Atrofimdagilar meni ko‘rib hayronu lol, men esa o‘zimni yig‘lashdan to‘xtata olmasdim.Hattoki, samolyotdan o‘zim tushishga holim yo‘qligidan hushimdan ketib qolay dedim. Aeroport xodimlari yordamida birinchi tibbiy xizmat ko‘rsatilganidan so‘ng ancha o‘zimga keldim. Aeroportni o‘zida meni Ichki Ishlar xodimlari kutib olib, shifoxonaga joylashtirishdi. Bir oy davomida shifoxonada davolanish bilan birga, qaynona, qaynopa va erimning kirdikorlarini oshkor qildim. Ular tegishli jazosini olishdi. Hozir ahvolim ancha yaxshi. Lekin meni bitta narsa qiynaydi. Ko‘cha-ko‘yda yursam hamma meni qo‘li bilan ko‘rsatib, "dubayskiy” deb gapirishadi. Bu so‘zni ko‘tarish menga qanday og‘irligini his qilayapsizmi?..

     Ikki yoshli o‘g‘limning kelajagini, taqdiri qanday bo‘lishini o‘ylasam yuragim orqaga tortib ketadi. Bu tamg‘a nafaqat o‘zimga, farzandimning ham peshonasiga urilib qolmadimi?.. Ertaga "otam kim?” desa nima deyman? (Yig‘laydi). Otang meni chet elga sotib yuborgan, deb aytish uchun o‘zimda jur’at topa olamanmi?.. Bilmayman (o‘zini yig‘idan to‘xtata olmadi). Sizlar bilan gaplashishga rozi bo‘lganimning yagona sababi boshqa ayollarimiz, qizlarimiz aldanib qolmasliklarini, mening hayotim ular uchun bir dars bo‘lishini xohladim. Hamma joyda toshu tarozi bir xil. Chet elda yaxshi daromad topaman, deb xom xayol bo‘lmang! Hech qaerda osonlikcha bir so‘m pul berilmaydi, sizga katta pul evaziga ish taklif qilishayaptimi, bilingki, o‘sha joyda yolg‘on bor.

     Muallif: 23 yoshli Nilufarning dardlarini eshitib, inson zoti shu darajada tubanlikka borishi mumkinligidan hayratga tushdim. Biz inson farzandlarimiz-ku, oriyatli erkaklarimiz qaerga qarashayapti? Xotinini bozorga chiqarib, uyida kerilib yotgan erkaklar haqida eshitganmiz. Lekin pul uchun o‘z jufti halolini qul qilib sotgan erkakni hali tarix ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. O‘z kelinini arzimagan pul evaziga sotib yuborayotgan onaning ko‘ziga nevarasi ko‘rinmadimikan? Nahot insoniyat shu darajada tubanlikka qarab yo‘l olayotgan bo‘lsa?! Siz hali bu kabi jabrdiydalarning bittasi bilan tanishdingiz, xolos. Ro‘yxatda hali qancha-qanchasi turibdi. Ba’zilari aldangan bo‘lsa, ming afsuski, bu yo‘lga o‘z xohishi bilan ketganlari ham yo‘q emas. 

     

    O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi

     

    Transportdagi ichki ishlar boshqarmasi

     

    jinoyat qidiruvi va terrorizmga qarshi

     

    kurashish boshqarmasi "Odam savdosiga єarshi kurashish”

     

    bo‘limi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

     

    Muallif: Dilbahor XUDOYBERDIEVA

     

     

    "QATTIQ SAROSIMADAMAN...”

     

    Kuzatuvlar jarayonida aeraportga kelib tushgan Umida ismli qiz bilan ham gaplashishga muvaffaq bo‘ldik.

     

    — Yolg‘iz o‘zim Moskvaga bordim. U yerdan Sochiga samolyotda uchdim. Qora dengiz orqali Turkiya davlatining Istanbul shahriga o‘tdim. Niyatim davlatlarni ko‘rib sayohat qilish edi.

     

    — Fuqarolik va xorijga chiqish-kelish boshqarmasining maxsus ruxsatnomasisiz qanday chiqdingiz?

     

    — Bilmadim. Bu haqda menga hech kim hech narsa degani yo‘q.

     

    — Nega hayajonlanyapsiz?

     

    — O‘zim. Qattiq sarosimadaman. Noqonuniy chiqqanligimni bilmagandim.

     

    "NEGA AFSUSLANAY?”

     

    Shahnoza 23 yosh, buxorolik, Dubaydan olib kelingan.

     

    — Qaerga ketayotganimni va nima ish qilishimni oldindan bilganman. Bu haqda onamning ham xabari bor edi. Ikki yil davomida Dubayda ishladim. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining qo‘liga tushib qolganimdan so‘ng O‘zbekistonga qaytarishdi.

     

    — Otangiz bormi?

     

    — Yo‘q. Ota-onam ajrashib ketishgan. Mendan javob olaman, deb umidvor bo‘lmang. Men sizga hech narsa aytolmayman. Qiziqishingiz kuchli bo‘lsa, chipta olib Dubayga borib keling.

     

    — Qilgan ishingizdan afsuslanish hissi bormi, sizda o‘zi?

     

    — Yo‘q, nega afsuslanaman. Peshonamda borini ko‘raman. Oh-voh qilganim bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Yoki siz menga ishimni osonlashtirib bermaysiz-ku...

     

    O‘zini tutishi, gap so‘zlaridan bu qizning chehrasida zarracha ham afsus-nadomat ko‘rinmaydi. Eng achinarlisi, oriyatli, nomusli o‘zbek qizidan zarracha ham namuna yo‘q. Bu qizlarni vatandoshim, yurtdoshim, deyishga ham uyalasan kishi. Qizini qaerga, qanday ishga jo‘natayotgan ona haqida nima deyish mumkin? Esiz...



    Просмотров: 3478 | Добавил: www | Рейтинг: 0.0/0
    Всего комментариев: 0
    Имя *:
    Email *:
    Код *:
    free counters
    UzDDS@mail.ru © 2024