Tanqidiy fikr qanday paydo bo‘lishi mumkin? U oldindan reja qilinmaydi
yoxud ataylab yozilmaydi. Salbiy va beo‘xshov, mazmunan juda kambag‘al g‘oyalar
yuzaga kelganda insoniyat ruhiyotiga ta’siri oqibatida shakllanadi. Bir emas, bir
necha insonlarda bunday tushunchaning umumiylashishi esa o‘sha g‘oyakashlarga nisbatan
nafrat hissini uyg‘otadi. NTTda namoyish etilayotgan bir shouni yaxshi bilasiz.
Mashhur san’atkorning nomi bilan ataladi. Ibrohim Totlisasdan o‘rnak olingani shundoqqina
ma’lum. Biroq, o‘rtadagi farq yer bilan osmon qadar! Yana Musaxon Nurmatov bu shouni
o‘ylab topgan inson bo‘lib, o‘zini loyiha muallifi sifatida ko‘rsatishiga nima deysiz?
"Ozod shou” mana bir necha ko‘rsatuvlar taqdim etishga ulgurdi. Negadir omma orasida
shou sifatida nom qozonishga ulgurmadi! Nazarbekovdan balki bunday nazardagi ko‘rsatuvni
kutishmagandir? Shouda mantiq degan tushunchadan asar ham yo‘q. Ko‘ngilocharlik
desangiz, u ham muammo. Na rejissyorlik ishi bor, na operatorning mahorati, na boshlovchining
qobiliyati? Zokir Ochildiev "Handalak”da yurgani juda ma’qul edi. Anavi kaskadyor
va qiziqchi yigitga nima gap bor? (Bu ikkala ijodkorning har gal boshlovchilik qilishi
allaqachon tomoshabin g‘ashiga tegib bo‘ldi!) Kutilmagan duetlarni olaylik? Aktyor
yo aktrisa kuylagani bilan tomoshabin ko‘zini zangori ekranga qadab turgani yo‘q!
Ozodbekning mashhurligidan foydalanib, bunday shouni tashkillashtirish shunchaki
mehnatlarni uvol qilish degan xulosadan boshqasi emas. Professional ijodkorga nomaqbul,
mantiqsiz g‘oyalarga o‘ralashish yarashmas ekan. Shou bo‘lgandan so‘ng yangilik,
yangicha qarash, tom ma’noda olganda, o‘zgarish kirita olish kerak. Aql o‘rgatish
emas, (shuncha aqllilar turganda) shunchaki bir jo‘yali fikr keldi. Nazarbekovning
o‘z hayot yo‘lidan kelib chiqsak, yutuqlarga erishish yo‘lida qiyinchilikning bori
100 bo‘lsa, shundan kamida 99 ni ko‘rgan. Demakki, haqiqiy iste’dodi bor-u, yuzaga
chiqara olmayotgan yoshlarning dardini, orzuyu armonlarini bu xonanda juda yaxshi
anglaydi! Ularga dalda bo‘lish pallasi kelmadimi? Shouda chiqayotgan mashhurlar
shundoq ham bir amallab fonogrammasini qo‘yib ommani yo aldab, yo yana yo‘lini topib
amallab kunini ko‘ryapti. Uzoq-uzoq qishloqlarda yonayotgan iste’dodlar topilmaydi,
deb o‘ylaysizmi? Ta’bir joiz bo‘lsa, balki san’at uchun haqiqiy jonini fido qiladiganlar
uzoqlarda o‘nlab, yuzlab bordir? (Yoki shundoq yonginamizda, poytaxtda.) Qani shundaylarga
ko‘mak? Yolg‘on-yashriq duetbozliklardan ko‘ra, paxta dalalarida, qir adirlarda
ovozini boricha yurak-yurakdan kuylayotgan bir dehqon bolasining jonli ijrosi, kerak
bo‘lsa, shou asoschisi bilan aytishuv qilishi o‘n karra qiziqarliroq emasmi? Olis
osmonga yetaman degan xom xayollar og‘ushida faqat miltillab yonayotgan yulduz va
yulduzchalarga tikilmasdan, bir-bir yerga ham qarab qo‘ymoq maqsadga muvofiqdir.
Xalq duosida gap ko‘p, deyishadi.To‘rtta mashhurning bir marta rahmatini eshitgandan,
bir qishloqning bir mahalla yoshu qarisining «barakalla»si afzalroq emasmi? Xulosa
qilishga hali ham kech emas. Darvoqe, o‘zboshimchalar bor joyda gap uqtirib bo‘larmidi?
Bundaylar o‘zlariga o‘zlari muammo sotib olishadi! Bukrini go‘r ham tuzatmaydi,
deb bejiz aytishmaydi. Ha, bejizga emas!
shov-shuv.uz
|